Yoshlar parlamenti Nizomi va Reglamenti
Yoshlar parlamenti faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlar
Yoshlar parlamenti nizomi va reglamenti haqida
Yoshlar parlamenti nizomi Yoshlar parlamentining maqsadi, vazifalari, tuzilishi, faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolatlarini belgilaydi. Nizom Yoshlar parlamentining huquqiy asosi hisoblanadi.
Yoshlar parlamenti reglamenti esa Yoshlar parlamentining ish tartibi, majlislarni o’tkazish, qarorlar qabul qilish, qo’mitalar faoliyatini tashkil etish va boshqa protsedura masalalarini tartibga soladi.
Yoshlar parlamenti nizomi va reglamenti Yoshlar parlamenti a’zolari tomonidan qabul qilinadi va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlanadi.
Me’yoriy hujjatlar
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti to’g’risidagi nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti (bundan buyon matnda Yoshlar parlamenti deb yuritiladi) yuridik shaxs maqomiga ega bo’lmagan maslahat organi bo’lib, o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) hisobdordir.
2. Yoshlar parlamenti o’z faoliyatini O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Qonunchilik palatasi va uning Kengashi qarorlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari hamda qarorlariga, shuningdek ushbu Nizomga muvofiq tashkil etadi.
3. Yoshlar parlamenti bir yuz ellik nafar a’zodan iborat.
4. Yoshlar parlamenti o’z faoliyatini Qonunchilik palatasining vakolatlari muddati davomida amalga oshiradi.
5. Yoshlar parlamenti o’z logotipiga ega bo’ladi.
6. Yoshlar parlamentining rasmiy nomi:
a) davlat tilidagi:
to’liq nomi – O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti; qisqartirilgan nomi – Yoshlar parlamenti;
b) rus tilidagi:
to’liq nomi – Молодежный парламент при Законодательной палате Олий Мажлиса Республики Узбекистан; qisqartirilgan nomi – Молодежный парламент;
v) ingliz tilidagi:
to’liq nomi – Youth Parliament under the Legislative Chamber of the Oliy Majlis of the Republic of Uzbekistan; qisqartirilgan nomi – Youth Parliament.
2-bob. Yoshlar parlamentini tuzishdan maqsad, Yoshlar parlamentining asosiy vazifalari va funktsiyalari
7. Yoshlar parlamentini tuzishdan maqsad yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini qo’llab-quvvatlash, ularning huquqiy ongi va savodxonligini oshirish, qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb qilish va qabul qilinayotgan qonunlarni yoshlar orasida keng targ’ib qilish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirishdan iborat.
8. Yoshlar parlamentining vazifalari quyidagilardan iborat:
yoshlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
qonun ijodkorligi va huquqni qo’llash amaliyotining dolzarb muammolarini yoshlar ishtirokida muhokama qilish va ularni bartaraf etishga qaratilgan takliflar tayyorlash;
Qonunchilik palatasining nazorat-tahlil tadbirlarini amalga oshirishda ko’maklashish;
yoshlarning parlament faoliyati va qonun ijodkorligining barcha bosqichlaridan xabardorligini oshirish;
yoshlar ishtirokida dolzarb masalalarni muhokama qilish va ularni bartaraf etishga qaratilgan takliflar tayyorlash;
qonun ijodkorligi masalalari, shuningdek qonun loyihalarini yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalari bo’yicha amaliy muhokamalarni tashkil etish;
yoshlarning siyosiy bilimlarini oshirish, ularda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish maqsadida yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir ishlarni amalga oshirishda ko’maklashish.
9. Yoshlar parlamenti o’z zimmasiga yuklatiladigan vazifalarga muvofiq quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
yoshlarga oid qonunchilikdagi huquqiy bo’shliqlari aniqlab, qonunchilikni takomillashtirish bo’yicha takliflar ishlab chiqadi;
Qonunchilik palatasi yoki uning tegishli qo’mitasi taklifiga asosan Qonunchilik palatasining nazorat-tahlil tadbirlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarni o’ylaytirgan masalalar yuzasidan ularning ishtirokida muhokamalarni o’tkazadi;
Yoshlar parlamenti a’zolarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida malaka oshirish kurslari va hamkorlikda turli tadbirlarni tashkil etadi;
yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish maqsadida turli tadbirlarni tashkil etadi va tashabbuslarni ilgari suradi;
yoshlarning parlament faoliyati va qonun ijodkorligining barcha bosqichlaridan xabardorligini oshirish maqsadida keng targ’ibot tadbirlarini amalga oshiradi;
Qonunchilik palatasining faoliyati va qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar qiladi;
Yoshlar masalalari bo’yicha komissiya roziligi asosida yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida xorij davlatlar parlamentlari huzurida tuzilgan yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarni o’rnatish choralarini ko’radi;
xorij mamlakatlarda tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda Qonunchilik palatasiga, shuningdek Yoshlar masalalari bo’yicha komissiyasi roziligi asosida boshqa mutasaddi tashkilotlarga ko’maklashadi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Reglamenti
I BO’LIM. UMUMIY QOIDALAR
1. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining Reglamenti (bundan buyon matnda Reglament deb yuritiladi) Yoshlar parlamenti to’g’risidagi nizomga muvofiq Yoshlar parlamentining majlislarini o’tkazish, Yoshlar parlamenti organlarini shakllantirish va ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi va Yoshlar parlamenti faoliyatini tashkil etish bilan bog’liq ichki tartib-qoidalariga doir boshqa masalalarni tartibga soladi.
2. Yoshlar parlamenti bir yuz ellik nafar a’zodan iborat.
3. Yoshlar parlamentining faoliyati masalalarni birgalikda va erkin muhokama qilishga, oshkoralikka, jamoatchilik fikrini hisobga olishga asoslanadi.
4. Yoshlar parlamentining a’zosi bir vaqtning o’zida Qonunchilik palatasining deputati, Senati a’zosi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputati bo’lishi mumkin emas.